Hamkorlik va sheriklik munosabatlari muhokama qilindi

Joriy yilning 17 sentyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida IIV rahbariyatining Markaziy Osiyodagi Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) vakillari bilan qo’shma yig’ilishi bo’lib o’tdi.

Uchrashuvda ichki ishlar vaziri o’rinbosari N.To’raxo’jaev, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi boshlig’i U.Muhamedov, Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish Bosh boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari – Odam savdosiga qarshi kurash boshqarmasining boshlig’i M.Rahimov,  Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari e.Marupov,  XMTning Markaziy Osiyodagi submintaqaviy koordinatori Zeynal Gadjiev hamda XMTning Markaziy Osiyo bo’yicha muvofiqlashtiruvchi idorasining O’zbekiston bilan aloqalar bo’yicha xodim S.Toshbaevlar ishtirok etishdi.

Tadbir davomida O’zbekiston va XMT o’rtasidagi hamkorlikning ijobiy tajribasi qayd etildi, noqonuniy migratsiya va odam savdosi bo’yicha ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning holati va istiqbollari muhokama qilindi, shuningdek ilg’or xorij tajribasini o’rganish, uni kelgusida respublika qonunchiligiga implemintatsiya qilish maqsadida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida zamonaviy axborot texnologiyalarini tadbiq etish va ulardan foydalanish zarurligi to’g’risidagi takliflar kiritildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash bo’yicha seminar, trening, amaliy konferentsiyalar o’tkazish, o’zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash choralarini ko’rib, kadrlar tayyorlash sohasidagi o’zaro hamkorlikni faollashtirishga kelishib olishdi.

Uchrashuv do’stona va konstruktiv muhitda o’tdi.