Matbuot markazi

19.10.2015

MUTAXASSISLAR TALABALAR HUZURIDA

Bugungi globallashuv jarayonida odam savdosi jinoyati umumbashariy muammoga aylandi. Ayni paytda ushbu mudhish jinoyatdan jabrlanganlarning sakson foizdan ortigʻini xotin-qizlar va bolalar tashkil etayotgani unga qarshi kurashish muhim ahamiyat kasb etishini tasdiqlab turibdi.

Toshkent temir yoʻl muhandislari instituti talabalari ishtirokida oʻtkazilgan navbatdagi tadbir aynan shu mavzuga bagʻishlandi. IIV Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi  tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir «Odam savdosi va noqonuniy migrastiya» deb nomlandi.

Tadbirda Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi OITSga qarshi kurashish markazi hamda IIV JQvaTQKBB hamda boshqa mutasaddi tashkilotlarning mas’ul xodimlari soʻzga chiqib, noqonuniy migrastiya odam savdosi jinoyati uchun zamin yaratishini, fuqarolarning qonunga zid tarzda xorijga chiqib ketishi ularni huquqiy jihatdan himoya qilishda muammolar keltirib chiqarishini taʻkidlashdi. Shu bilan bir qatorda, katta maosh ilinjida firibgarlar tuzogʻiga tushayotgan ayollarning chet ellarda asosan fohishalik qilishga majburlanishi, buning oqibatida koʻplab bedavo kasalliklarga chalinish holatlari koʻplab uchrayotgani taassuf bilan qayd etildi. Noqonuniy yoʻl bilan chet elga chiqib ketgan fuqarolarning ayanchli taqdiridan misollar keltirildi. Farzandlarimizni, yosh avlodni komil insonlar qilib tarbiyalash, turli illatlarga qarshi immunitet hosil qilishi uchun tarbiyani, avvalo, oiladan boshlash lozimligi alohida uqtirildi.

Tadbir soʻnggida odam savdosi va noqonuniy migrastiya masalalariga bagʻishlangan hujjatli film namoyish qilindi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi IIV JQvaTQKBB


Возврат к списку